Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra (“Spot"da mavjud), joriy yilning o‘n bir oyi davomida mamlakatda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,2%ga oshgan. O‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 17,5%ni tashkil etgandi.
Xususan, poytaxt soliq tushumlari bo‘yicha yetakchilik qilmoqda, ya’ni bu davrda Toshkentdagi ko‘rsatkich 42,7%ni tashkil etgan.
Shu bilan birga, Farg‘ona (34,2%), Samarqand (34,0%), Buxoro (32,6%), Jizzax (31,7%), Sirdaryo (29,6%) hamda Qoraqalpog‘istonda (31,9%) ham soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi kuzatilgan.
Budjetga soliq tushumlarining o‘sishi barqaror tendensiyani saqlab kelmoqda, deya ta’kidlanadi tahlilda. Mazkur davrda soliq tushumlarining o‘sishiga QQS (32,6%) va aylanmadan olinadigan soliq (44,4%) katta ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, yil boshidan buyon tashkilotlar tomonidan to‘langan daromad solig‘i 53,8%ga ko‘paydi.
Bundan tashqari, soliq tushumlarining o‘sishiga tadbirkorlarning 2021-yilning shu davriga nisbatan 14,4%ga ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan.
Xususan, yil boshidan buyon 82 mingdan ortiq yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tashkil etildi hamda ularning eng ko‘pi Samarqand (9 332), Farg‘ona (7 951), Qashqadaryo (7 470), Toshkent (6 325), Xorazm (5 240) viloyatlarida va poytaxtda (14 408) ro‘yxatga olingan.