Rossiyaning “Vkusno-i Tochka” fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirishi mumkin, deya xabar bermoqda “TACC” nashri kompaniya bosh direktori Oleg Paroevga tayanib.
“Agar „McDonald's“ mavjud bo‘lmagan davlatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, unda biz ularni mamnuniyat bilan ko‘rib chiqishga tayyormiz. MDH davlatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bular Armaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston”, — dedi Paroev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “Vkusno-i Tochka” MDHdan tashqari, “McDonald's” mavjud bo‘lmagan mamlakatlarga ham borishi mumkin.
“„McDonald's“ mavjud bo‘lmagan mamlakatlarga kelsak, biz hozir aniq davlatlarni ko‘rib chiqyapmiz, deb ayta olmayman”, — deya ta’kidladi Paroev.
Shu bilan birga, “TACC” muxbirining qaysi uzoq xorij davlatlar bo‘yicha gapirish mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, u shunday yirik davlatlardan biri Eron ekanligini qayd etdi.
Tarmoq egasi Aleksandr Govorning ma’lum qilishicha, yangi bozorlarga chiqish franchayzing savdosi orqali amalga oshiriladi.
Paroevning qoʻshimcha qilishicha, tarmoq uchun yangi bozorlarga kirishdan oldin, hozirda tarmoq 2023-yil davomida amalga oshiradigan taʼminot, logistika uzluksizligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Tarmoq bosh direktorining aniqlik kiritishicha, “McDonald's” korporatsiyasi bilan kelishuvga ko‘ra, “Vkusno-i Tochka” “McDonald's” joylashgan bozorlarda ishlay olmaydi.
Bundan oldin Rossiyadagi sobiq “Starbucks” qahvaxonalar tarmog‘i O‘zbekistonga kirishni rejalashtirayotgani haqida xabaar berilgandi.
Avvalroq “Spot” Rossiyaning “Svetofor” savdo tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida yozgandi. Xususan, mamlakatdagi dastlabki do‘konlarning ochilishi joriy yilning 14-dekabr kuni Toshkentda, 15-dekabr kuni Farg‘ona va Andijonda o‘tkaziladi.