Yaponiyaning Osaka shahridagi Savdo-sanoat palatasida forum bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Unda Farg‘ona delegatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Osaka tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi rahbariyati, shuningdek, yaponiyalik tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Farg‘ona delegatsiyasi va Yaponiya o‘rtasida jami $81,5 mln.lik 5 ta investitsiya shartnomasi imzolandi.
O‘zbekiston bilan to‘qimachilik sohasida hamkorlik qilib kelayotgan “Masui” kompaniyasi rahbari Chinori Tokia Farg‘ona bilan Yaponiya o‘rtasida ushbu sohada sarmoyaviy va eksport hamkorligi uchun yaratilgan imkoniyatlarni alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda “Osaka SSP” va Osaka biznesni rivojlantirish agentligi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Biznes-forum doirasida “B2B” va “B2G” formatlarida tashkil etilgan uchrashuvlar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishning moliyaviy va texnik jihatlari ko‘rib chiqildi.
Avvalroq Yaponiya xalqaro hamkorlik banki Sirdaryo bug‘-gaz elektr stansiyasi qurilishiga $500 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.