13-dekabr kuni “Forbes” nashri 2022-yilning eng boy odamlari ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, eng yuqori pog‘onani birinchi marta “Tesla” hamda “SpaceX” asoschisi Ilon Mask egallagandi.
“Forbes” jurnali tomonidan tuzilgan yangi “Real Time Billionaires” reytingiga ko‘ra, Ilon Mask eng boy odamlar reytingida birinchi o‘rinni boy berdi.
Maskning o‘rniga birinchi o‘rinni “Louis Vuitton Moet Hennessy” (LVMH) prezidenti Bernard Arno va uning oilasi egalladi. Maskning boyligi $176,8 mlrdga, Arno oilasiniki esa $188,6 mlrdga baholangan.
13−14-dekabr kunlari kun davomida Ilon Mask $4,5 mlrd (-2,49%) yo‘qotgan bo‘lsa, Bernard Arno esa $2,7 mlrd (+1,44%) ishlab topgan.
Dekabr oyida Ilon Mask atigi yarim soatga “Forbes” reytingining birinchi qatorini yo‘qotib qo‘ygan edi.
2022-yil oktabr holatiga ko‘ra, Ilon Maskning boyligi $209,4 mlrd.ni tashkil qilgan.Yil davomida uning boyligi uchdan biriga kamaydi, biroq biznesmen baribir dunyoning eng boy odami bo‘lib qoldi.
Shuningdek, “Twitter” xaridi Maskning hamyoniga ham ta’sir qildi. 2022-yilning aprel oyidan buyon bitim e’lon qilinganidan so‘ng tadbirkor $74 mlrd yo‘qotdi.
Uning boyligining pasayishiga ijtimoiy tarmoq va elektromobil ishlab chiqaruvchi “Tesla” kompaniyasi aksiyalarining tushib ketgani sabab bo‘ldi.
Mask avvalroq “Forbes” talqiniga ko‘ra, AQShning 400 ta eng boy biznesmenlari qatorida birinchilikni egallagandi.