O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlillarida keltirilgan.
Xabarga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 15,8%ga, xususan, poytaxtda 22,7%ga oshgan.
Shu bilan birga, “kvartira"ni ijaraga berish bozoridagi vaziyat avvalgi muvozanat darajasiga qaytmoqda
“Noyabr oyida ko‘chmas mulk bozori oktabr oyidagi bir oz pasayishdan keyin xaridorlarni qayta jalb qildi”, — deyiladi markaz xabarida.
Unga ko‘ra, bir oy ichida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan oyga nisbatan 7,8%ga oshdi.
Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda — 38%, Navoiy viloyatida — 24% va Qoraqalpog‘istonda — 23% qayd etildi.
Yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uy-joy savdosining o‘sishi 9%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar soni 8,1%ga oshdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2022-yil 1-noyabrdan boshlangan ipoteka kreditlaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha kengaytirilgan dastur ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va talabni rag‘batlantirmoqda.
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining o‘zgarishi
Noyabr oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etildi. Oktabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkentda ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8%ga kamaydi.
Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35%dan oshdi va 1 kvadrat metr uchun deyarli $10ni tashkil etdi.
1 kv.m uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur ($13,2), Mirobod ($12,3) va Yakkasaroy ($12,2) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar esa Uchtepa ($8,1), Sergeli ($7,2) va Bektemir ($6) tumanlarida kuzatilgan.
Ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi faollik
Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9%ga oshdi (iyul oyida — 2,5%, avgust oyida — 0,5%, sentabr oyida — 1,1%, oktabr oyida — 2,3%).
Yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joylarning tez o‘sishi kuzatilib, xususan, 1 kv.m uchun uy-joy narxi 15,8%ga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent — 22,9%, Navoiy — 22% viloyatlar va Toshkent shahrida — 22,7% kuzatildi.
Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4%ga qimmatlashdi (iyul oyida — 2,4%, avgust oyida — 1,4%, sentabr oyida — 1,7%, oktabr oyida — 4,6%).
Narxlarning eng yuqori o‘sishi Bektemir — 12%, Mirobod — 5% va Yunusobod — 4% tumanlarida qayd etildi.