2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirilishi belgilangan.

Xususan, pensiya tayinlashda hisobga olingan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinadi. Bu bo‘yicha Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tushuntirish berdi.

Masalan, 30 yil ish staj va 3 mln 900 ming so‘m o‘rtacha oylik ish haqi olgan erkak kishiga 2022-yilda 1 mln 944 ming so‘m yoshga doir pensiya tayinlangan.

Pensiya hisobi: o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 ming so‘m)ning 10 baravari (3 mln 240 ming so‘m)dan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 mln 240 ming so‘m inobatga olingan;

Pensiyaning tayanch miqdori — 1 mln 782 ming so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi — 3 mln 240 ming so‘mning 55%i);

Ortiqcha ish staji uchun ustama — 162 ming so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1%i miqdorida — 3 mln 240 ming so‘m * 5%).

Jami pensiya miqdori 1 mln 782 ming + 162 ming = 1 mln 944 ming so‘m.

Mazkur fuqaroning pensiyasi 2023-yil 1-yanvardan qayta hisob-kitob qilinib, 2 mln 332 800 so‘mni tashkil etadi.

Pensiya hisobi: o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdori (324 ming so‘m)ning 12 baravari (3 mln 888 ming so‘m)dan yuqori bo‘lganligi sababli, pensiya hisoblash uchun 3 mln 888 ming so‘m inobatga olinadi;

Pensiyaning tayanch miqdori — 2 mln 138 400 so‘m (pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqi — 3 mln 888 ming so‘mning 55%i);

Ortiqcha ish staji uchun ustama — 194 400 so‘m (erkaklarga talab etilgan 25 yil stajdan har bir ortiqcha yillik ish staj uchun pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olingan o‘rtacha oylik ish haqining 1%i miqdorida — 3 mln 888 ming so‘m * 5%).

Jami pensiya miqdori 2 mln 138 ming 400 + 194 400 = 2 mln 332 ming 800 so‘m.

Ya’ni, fuqaroning 2023-yil 1-yanvardan boshlab pensiya miqdori amaldagiga nisbatan 388 800 so‘mga oshadi.

Shuningdek, Pensiya jamg‘armasi tomonidan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan barcha pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinib, pensiyasi oshadigan fuqarolarga joriy yilning dekabr oyida SMS-xabar yuborilishi ta’kidlangan.

Bunda pensiyalar miqdori avtomatik tarzda qayta hisob-kitob qilinib, pensionerlar jamg‘armaga murojaat qilishlari shart emas.

Tayinlangan pensiya miqdori oshganligi to‘g‘risida ma’lumotni Telegram-bot orqali tekshirish mumkin.

Oktabr oyida hukumat qarori bilan davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra har yili dekabrda tashkilotlar pensiya olish huquqiga ega xodimlar ro‘yxatini tuzishi belgilangan.