Amerikalik qonunchilar Kongressning ikkala palatasiga AQShda “TikTok” ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim etdi, deya xabar bermoqda “TACC” nashri.
Shuningdek, loyihada Rossiya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar nazoratidagi media-kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni ko‘zda tutuvchi taklif ham kiritilgan.
Ushbu tashabbus AQSH senatori Marko Rubio (respublikachi), Vakillar palatasi a’zolari Mayk Gallager (respublikachi) va Raja Krishnamurti (demokrat) tomonidan ishlab chiqilgan.
Ularning fikricha, qonun loyihasi amerikaliklarni ijtimoiy tarmoqlar sohasida mavjud yoki kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kompaniyalardan foydalanish bilan bog‘liq bir qator dushman davlatlar tahdididan himoya qilishi kerak.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar yordamida boshqa davlatlar amerikaliklarni nazorat qilish yoki kuzatish, ular haqida muhim ma’lumotlarni to‘plash, ta’sir kampaniyalarini o‘tkazish, tashviqot tarqatish, senzura o‘rnatishga urinishi mumkin.
Senator Rubioning soʻzlariga koʻra, “TikTok” har kuni 10 mln amerikalik bolalar va kattalar haqida maʼlumot toʻplaydi.
Shuningdek, taqiq “TikTok"ga egalik qiluvchi “ByteDance” kompaniyasiga nisbatan joriy etilishi taklif qilinmoqda.
Oʻzbekistonda 2021-yil iyul oyida “TikTok”, “Twitter”, “Skype”, “WeChat” va “VKontakte” tarmoqlariga cheklov qoʻyilgandi.
Cheklovga mazkur tarmoqlar mamlakat fuqarolarining shaxsiga oid maʼlumotlarni mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab boʻlgan.
Joriy yil 1-avgustda “Twitter”, “WeChat” hamda “VKontakte” ilovalari blokdan yechilgani, “TikTok"ni ham blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.