Noyabr oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida o‘sish kuzatilib, 159 mingdan ortiq avtotransport vositalari sotilgan. Natijada bir oylik ko‘rsatkich 41%ga o‘sgan.
Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Spot"ga ma’lum qildi.
Hududlar kesimida eng katta o‘sish poytaxtda — 2 baravar, Farg‘onada — 57% hamda Surxondaryoda — 47%ga oshgan.
Yil boshidan buyon avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar ko‘payib, 1,3 mln avtotransport vositasini tashkil etdi.
Noyabr oyida birlamchi avtomobil bozorida savdolar sezilarli darajada oshdi. Xususan, ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalari soni bir oyda 57%dan 33 minggacha, bir yilda 68%ga oshganini ko‘rish mumkin.
Ikkilamchi bozorda ham takliflar soni sezilarli darajada oshdi. Noyabrda mamlakatda 126 mingdan ortiq avtomobil sotilib, oktabr oyiga nisbatan 38%ga oshgan.
Shuningdek, ikkilamchi avtomobil bozorining yil davomidagi o‘sish ko‘rsatkichi 2,5 baravar oshgan.
Noyabr oyida mahalliy brendlarning yangi yengil avtomobillarini sotish 27 mingtani tashkil etib, oktabr oyiga nisbatan 58%ga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 70%ga oshgan.
Bir oy davomida chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni sotish hajmi 69,6%ga o‘sib, 2,9 mingtaga yetdi. Xorijiy avtomobillar sotuvi hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘paydi.
Avvalroq, “Cobalt” va “Lacetti” avtmobillarini xarid qilish uchun shartnomalar berish to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. “UzAutoSavdo” Telegram-boti hamda “UzAuto Motors” ilovasida mazkur avtomobillar haqidagi axborotlar yo‘qolgan.
Shuningdek, “UzAuto Motors” “Cobalt"ning yangi avlodini ishlab chiqarish orqali hozirgisini almashtirishi ma’lum bo‘lgandi.