2023-yildan boshlab Turkiyada sayyohlarga mehmonxonalar, pansionatlar, kempinglar, sayyohlik qishloqlari va boshqa joylarda joylashish uchun 2%lik soliq qoʻllaniladi, deya xabar bermoqda mahalliy “Resmi gazete” nashri.
Turar joy solig‘i mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tomonidan olinadi. Tashkil etilgan turni amalga oshirishda soliq sayyohlik agentliklari tomonidan tur narxiga kiritilishi mumkin.
Qayd etilishicha, mehmonxonalardagi tadbirlarda, to‘y, kongress, konferensiya va boshqa tadbirlarga kelgan mehmonlar tunab qolmasa, soliq olinmaydi.
Talabalar, shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va diplomatik maqomga ega xalqaro tashkilotlar vakillari ham soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Nashrning yozishicha, mehmonxonalar tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar (masalan, ovqatlanish, dam olish, sport zalidan foydalanish va boshqalar) soliq miqdoriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Turkiya hukumati mazkur soliq turini 2020-yil aprel oyida joriy qilmoqchi edi, biroq COVID-19 pandemiyasi tufayli uni keyinga qoldirgandi.
Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyning soʻzlariga koʻra, 2022-yil oxirigacha mamlakatga 51,5 mln sayyoh va $46 mlrdlik turizm daromadi kelishi kutilmoqda. 2023-yilda esa Turkiya 60 mln sayyohni qabul qilishga umid qilmoqda.