Amerikaning “Apple” kompaniyasi Moskvadagi shtab-kvartirasini tark etishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “RBC” nashri.
Xabarga koʻra, kompaniya Kreml yaqinidagi “Romanov Dvor” biznes markazidagi olingan ofisini ijaraga berishdan bosh tortgan.
“Apple” 2017-yili mazkur biznes markazdagi 3,5 ming kvadrat metrni ijaraga oldi va keyin maydonni 4,7 ming kvadrat metrga oshirgan.
Nashrning yozishicha, 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan bu ofis to‘liq foydalanilmagan.
“Ijara shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror sentabr oyida Rossiyada qisman safarbarlik eʼlon qilinganidan keyin qabul qilingan, hozir kompaniya shartnomani bekor qilish shartlari boʻyicha muzokaralar olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.
Xorijiy kompaniyalarning ketishi tufayli biznes markazlaridagi bo‘sh xonalar ulushi 3,9%dan 23,9%ga oshgan.
Sentabr oyi oxirida “Vedomosti” nashri “Apple” Rossiya idorasi xodimlarining katta qismini Qirg‘izistonga olib ketgani, yana bir qismi Dubay va Londonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergandi.
Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin “Apple”, “Samsung”, “HP” va boshqa xorijiy kompaniyalar Rossiyaga uskunalar yetkazib berishni to‘xtatdi.
Mart oyi boshida “Apple” rossiyalik foydalanuvchilarga rasmiy internet-do‘kondan tovarlar sotib olish va yetkazib berish imkoniyatini cheklagandi.
Shu bilan birga, “Reuters” agentligi kompaniya Rossiyada o‘z mahsulotlarining barcha savdosi to‘xtatilganini e’lon qilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, Rossiyada “Apple Pay” ishlashini chekladi, 6-mart kuni ushbu xizmat Rossiyadan kelgan kartalar bilan ishlashni butunlay to‘xtatdi.