Yangilandi: Namangandagi quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi
Energetika vazirligiga ko‘ra, viloyatdagi loyiha uchun Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi tomonidan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.
O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Xabarga ko‘ra, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib investorlar aniqlangan.
Tanlov yakunida “Masdar” kompaniyasi Buxoro viloyatida 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soati uchun 3 AQSh senti miqdorida taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, mazkur loyiha O‘zbekistonda birinchi marta quvvati 62 MVtlik energiya saqlash batareyasi bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, “GD Power — Powerchina” konsorsiumi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha uchununda ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,8 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib deb topildi.
“Voltalia” kompaniyasi Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 2,8 AQSh sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib deb topildi.
Avvalroq mazkur quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tanlovga investorlardan takliflar qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Aynan tanlovda g‘olib bo‘lgan “Masdar” kompaniyasi va “GD Power — Powerchina” konsorsiumi uchta viloyatdagi loyihaga, “Voltalia” kompaniyasi faqat Xorazmdagi loyiha uchun taklif bergandi.
BAAning “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatining Tomdi tumanida shamol elektr stansiyasini qurish ishlarini olib borayotgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, kompaniya Navoiy viloyatida 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini quradi. Bu “Masdar"ning viloyatdagi ikkinchi loyihasi bo‘lib, o‘tgan yili Karmanada quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirgandi.
Avvalroq “Spot” “Taxiatosh IES"da 1040 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangani haqida yozgandi. Mazkur stansiyada yiliga o‘rtacha 1,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi: