Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gaz ittifoqi boʻyicha muzokaralar davom etmoqda, deya xabar berdi “RIA Novosti” Rossiya TIV maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Yuriy Sentyuringa tayanib.
Uning ta’kidlashicha, muzokarachilarning kontekstdan, xususan, O‘zbekiston vakillaridan olingan iqtiboslari media maydonida notoʻgʻri talqin qilinmoqda.
Sentyurinning aniqlik kiritishicha, uch tomonlama gaz ittifoqini tashkil etish taklifi hali ham muhokama qilinmoqda, muzokaralar yakunlanmagan.
Uch tomonlama gaz ittifoqi tuzish rejalari haqida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ma’lum qilgandi.
Uning aytishicha, Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali tashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqini tashkil etish tashabbusi Rossiya prezidenti Vladimir Putindan chiqqan.
“Rossiya bilan gaz boʻyicha shartnoma tuzish ittifoq degani emas. Rossiya va Oʻzbekiston tomonlari Rossiyadan Qozogʻiston orqali gaz yetkazib berish boʻyicha muzokara olib bormoqda, biroq bu texnik shartnoma boʻladi”, — dedi Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamaxmudov.
“Qozog‘iston hali gaz ittifoqini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilgani yo‘q. Toʻqayev taklifni diqqat bilan o‘rganadi”, — dedi respublika tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, uch tomonlama gaz ittifoqi taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmaydi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Turkmanistondan gaz importini 1,5 mlrd kub metrga oshirishi haqida yozgandi.