Hukumat qarori bilan “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va subsidiya olishga talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish va ularga subsidiya ajratish tartibi belgilandi.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi “Agrosubsidiya” axborot tizimining operatori hisoblanadi.
“Agrosubsidiya” tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- talabgorlar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar elektron shaklda yuborilishini hamda ushbu xizmatdan xavfsiz va kafolatli foydalanishni ta’minlash;
- talabgorlarga ularning manzilli ro‘yxatga kirishi yoki subsidiya olish uchun yuborilgan arizalarni ko‘rib chiqishning holatini va bosqichlarni ko‘rib borish imkoniyatini yaratish;
- talabgorlarga ular tomonidan yuborilgan arizalar vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi natijalarini kuzatib borishni ta’minlash;
- vakolatli organlar tomonidan talabgorlar yuborgan arizalarni ko‘rib chiqish va ularga elektron shaklda xulosa berish.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali beriladi.
Vakolatli davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar talabgorlarning tijorat banklaridagi hisobvarag‘iga subsidiyani “UzASBO” dasturiy majmuasi orqali o‘tkazib beradi.
Avvalroq, yil yakunigacha sug‘urta polislarini ro‘yxatga oluvchi axborot tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.