“OKMK” yuklari ortilgan birinchi konteyner blok poyezdi Bolgariyaning Burgas portiga yuborildi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner"ning matbuot xizmati.
Mazkur yuk poyezdi mis konsentratidan iborat 46 ta vagon va 91 dona 20-futlik konteynerdan tashkil topgan.
U “O‘zbekiston — Turkmaniston — Ozarbayjon — Gruziya — Bolgariya/ Yevropa” yo‘nalishi bo‘ylab 4 ming km.dan ortiq masofani bosib o‘tadi.
Shuningdek, bu konteyner poyezd Turkmanistonning “TLTST”, Ozarbayjonning “ADY Container” va Gruziyaning “GR Logistics and Terminals” kompaniyalari yordamida amalga oshirilgan.
Avvalroq, Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvlari boshlangandi. Mazkur temir yo‘l uzunligi 4500 kmni tashkil etadi.
Bundan tashqari, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” Turkiya kompaniyalari bilan yuk tashuvlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, Turkmanistonning Saraxs hamda Ertek chegara stansiyalari orqali Eron portlari va Turkiyaga yuklarni konteynerlarda tashish imkoniyati yaratiladi.