Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, joriy yilda YaIM jon boshiga $2 ming.dan oshib, $2200 ga yetishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda YaIM ko‘rsatkichi $100 mlrd.ga yetishi mumkin.

“Biron bir chet ellik investor O‘zbekiston haqida gapirayotganida, birinchi navbatda O‘zbekiston aholisi qancha ekan, demaydi, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti qancha ekan, deydi. Shu sabab YaIMni yuqoridagi ko‘rsatkichga yetkazish bo‘yicha davlat rahbari belgilagan masalaning ahamiyati juda muhim,” — deydi Qo‘chqorov.

Uning qayd etishicha, 2021−2022 yillarda ayrim mamlakatlarning reytinggi pasaygan vaqtda O‘zbekistonda o‘sish kutilmoqda.

Sanoatning YaIMdagi ulushi 28%ga oshgan, unda 2 mln.dan ortiq aholi faoliyat olib bormoqda.

Mamlakatda oltin ishlab chiqarish oxirgi besh yilda 87 tonnadan 105 tonnaga, mis ishlab chiqarish esa 110 ming tonnadan 148 ming tonnaga oshgan.

Shuningdek, Jamshid Qo‘chqorov energetika sohasiga ham to‘xtalib, 2023-yilda 1,3 gegavat quvvatga ega xususiy elektr stansiyalari ishga tushirilib, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 4,7 gegavatga yetishini qayd etdi. 2023-yilda mamlakatda xususiy elektr stansiyalarining ulushi 18%ga yetishi mumkin.

So‘nggi oylarda O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralarida pasayish kuzatilayotgandi. Biroq, regulyatorning 1-dekabr holatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, zaxiralar bir oyda $1,1 mlrd.ga oshdi hamda sentabr oyidagi ko‘rsatkichini deyarli tikladi.

Yil boshiga nisbatan kamayish $1,6 mlrd.ni tashkil etib, zaxiralarning umumiy hajmi $33,4 mlrd.ni tashkil etdi.