Jahon banki O‘zbekistonda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlash doirasida mablag‘ ajratishga rozi bo‘ldi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, bank tomonidan moliyaviy yordam $470 mln miqdorida yuqori imtiyozli kreditlar, $480 mln miqdorida esa past foizli kreditlar shaklida taqdim etiladi.

“O‘zbekiston jahondagi, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi murakkab vaziyatga qaramay, muhim islohotlarga sodiq qolayotgani quvonarli, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu siyosiy operatsiya Oʻzbekistonga inklyuziv va jonli bozor iqtisodiyotini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida 2017-yildan beri Jahon bankining keng koʻlamli moliyaviy va texnik koʻmagiga asoslanadi.

Mablag‘lar quyidagi islohotlar va dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi:

  • ijtimoiy himoya tizimining, ayniqsa, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • xususiy sektordagi ayollarga tug‘ruq va tug‘ish nafaqalarini kengaytirish;
  • xususiy sektorda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash maqsadida davlat korxonalarini xususiylashtirish, raqobat va to‘lovga layoqatsizlikni boshqarish to‘g‘risidagi yangi qonun hujjatlarini qabul qilish;
  • O‘zbekiston mobil aloqasida xususiy sektor ishtirokini oshirish va raqobatni kuchaytirish;
  • kichik biznesning moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini chuqurlashtirish va kengaytirish hamda ularning xizmatlari sifatini oshirish;
  • davlat korxonalarining moliyaviy nazorati va moliyaviy intizomini oshirish.

Xabarda taʼkidlanganidek, Jahon bankining Oʻzbekiston budjetini qoʻllab-quvvatlashi jahon iqtisodiyotidagi noaniqlikning kuchayishi, oziq-ovqat va energiya narxlarining oshishi, shuningdek, qarzni moliyalashtirishdagi qiyinchiliklar fonida amalga oshirilmoqda.


Avvalroq “Spot” Samarqandda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda Jahon banki bilan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi yuzasidan qiymati $100 mln.lik qarz bitimi imzolangani haqida yozgandi.