“Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, elektr energiyasi manbalarida harakatlanuvchi transportlar hamda ichki yonuv dvigateli va tashqi elektr manbai orqali zaryadlanuvchi elektr motori yordamida harakatlanuvchi transportlarni sanoat usulida ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
2024-yilgacha mamlakatda qurib bitkazilgan savdo va bizes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, AYoQSH, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘yida majburiy tartibda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini kiritish talabi belgilanmoqda.
Shuningdek, 2024-yilgacha mamlakatda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soni kamida 2 500 taga yetkaziladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlash stansiyalari barpo etiladi.
Keyingi yildan tadbirkorlarga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektromobillarga elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Shuningdek, elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
2023-yildan 2026-yilgacha elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari joylashgan yerlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari esa yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
Asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar foyda solig‘idan, mazkur xizmatni ko‘rsatishdan olinadigan daromad esa aylanmadan olinadigan soliqdan ozod etiladi.
Davlat rahbarining “Elektromobillarni ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan 2030-yilgacha mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilishi belgilangan.
Shu bilan birga, xorijdan olib kelinadigan elektromobillarning va gibrid avtomobillarning butlovchi qismlari, xomashyo va materiallar, uskunalar va texnologik jihozlarni hamda servis xizmati ko‘rsatish uchun ehtiyot qismlari bojxona bojidan ozod etiladi.
Qolaversa, mamlakatda ishlab chiqarilgan va ichki bozorda sotilgan, elektromobil va gibrid avtomobillarni sotib olish uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan BHMning 1200 baravaridan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10% punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kredit muddatining dastlabki 36 oyi davomida kompensatsiya to‘lanadi.
Elektromobillar va gibrid avtomobillarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchilar 2030-yilgacha litsenziya varaqalari berilganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
2023-yil 31-yanvargacha Turin politexnika universiteti qoshida Elektromobillar va ularning infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.
O‘zbekistonda elektromobillar hajmi ortib bormoqda. Joriy yilda mamlakat fuqarolari xorijdan qiymati $61 mlnlik 1900 dan ortiq elektromobillar xarid qilgan. Shunga qaramay, ularga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘q.
Davlat rahbari xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisida elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish haqida ta’kidlagandi. Shu bilan birga elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.