Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab 475 km.ga yaqin 34ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yaqin bir hafta ichida asosiy — Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari bo‘ylab alohida yo‘lakchalar tashkil etiladi. Qolgan ko‘chalarda esa 1−2 oy ichida to‘liq tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ammo har qanday avtomobilga ma’lum sababga ko‘ra, masalan, yo‘l yoqasidagi obyektlarga yoki ko‘chaga kirish uchun ushbu yo‘lakda foydalanishga ruxsat etiladi.
Avvalroq, davlat rahbari “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi tizimidagi 18-avtobus saroyida bo‘lib, muhim topshiriqlar bergandi.
Shundan so‘ng, “Toshshahartransxizmat” avtobus haydovchilariga joriy yilning dekabr oyidan boshlab 5−6 mln so‘m miqdorida oylik maosh berilishi belgilandi.