2022-yilda Rossiyani 100 mingga yaqin IT-mutaxassislari tark etdi, deya xabar bermoqda “Interfax” nashri Rossiya Federatsiyasi Raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayevga tayanib.
“Haqiqatan ham, agar IT-mutaxassislarining ketishining ikki to‘lqinini olsak, IT-kompaniyalar xodimlarining 10%i mamlakatni tark etgan va qaytib kelmagan. Jami 100 mingga yaqin IT-mutaxassis mamlakatdan tashqarida”, — dedi Shadayev davlat Dumasidagi hukumat soatida.
Uning ta’kidlashicha, ketganlarning 80%i boshqa mamlakatlarda turib, ishini masofaviy davom ettirmoqda.
“Raqamli rivojlanish vazirligi xorijda joylashgan xodimlarning IT-kompaniyalarda masofaviy ishlashini qonunchilik bilan taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamaydi”, — deydi Shadayev.
“Bu, albatta, ularning xorijiy kompaniyalarga ishga joylashishiga turtki bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
2022-yilda Rossiyani tark etgan rossiyaliklarning aniq soni noma’lum. Kreml hisob-kitoblari bilan tanish bo’lgan “Forbes” manbasiga ko’ra, 21-sentabrda qisman safarbarlik boshlanganidan beri Rossiyani 1 mln kishi tark etgan.
“Ventra” HR xoldingi tomonidan qisman safarbarlik boshlanishidan oldin o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 2022-yilda IT-mutaxassislarining taxminan 6%i Rossiyani tark etgan va 25%i esa kelgusi yil ichida buni amalga oshirishni rejalashtirgan.
O‘zbekistonga koʻchganlar
2022-yilda O‘zbekistonga ham Rossiya va Belorussiyadan ko‘plab IT-mutaxassislar ko‘chib kela boshladilar.
“IT Park” ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin mutaxassis Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.
Masalan, “Exadel” va “EPAM Systems” kompaniyalari “minglab” muhandis-dasturchilarini Minskdan olib chiqib, Toshkentga joʻnatgan.
Shu tufayli, “EPAM” 2021-yilda Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda xodimlari soni 800 kishidan oshdi.
“Exadel"ning esa hozirda 120 dan ortiq mutaxassisi ishlaydi, yil oxiriga qadar yana bir qator xodimlarning koʻchib kelishi kutilmoqda. Kompaniya bu yer bilan bogʻliq katta rejalar tuzgan.
“Spot” “IT Park” hamda xorijiy va mahalliy biznes vakillari bilan relokatsiya, uning oqibatlari, mahalliy IT-kompaniyalarga ta’siri haqida suhbatlashdi.