Markaziy bank joriy yilning 1-dekabr holatiga tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) to‘g‘risida statistikani e’lon qildi.
Xususan, o‘tgan oyda muammoli kreditlar hajmi 15,3 trln so‘mni ya’ni jami kreditlarga nisbatan 4%ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich noyabr holatiga nisbatan 0,8%ga kamaygan.
Shundan 13,8 trln so‘mi davlat ulushi mavjud banklarga, qolgan 1,5 trln so‘mi esa xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Banklarning jami kreditlar ulushi hisobida eng muammoli kreditlar “O‘zagroeksportbank"da kuzatildi. Mazkur bankning kredit portfeli jami 6,2 mlrd so‘mni tashkil etib, muammoli kredit ulushi 6 mlrd so‘m — 95,8%ga yetgan.
Noyabr oyida mazkur bankning muammoli kredit ulushi 5,5 mlrd so‘mni tashkil etgandi.
Undan keyingi muammoli kreditlari bilan “Xalq banki” turibdi. Bankning muammoli kreditlari hajmi 3 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 15,6%dan 14,4%ga kamaygan.
Xususiy banklardan esa mumamoli kreditlari bilan “Ravnaq bank” yetakchilik qilib, jami kredit portfeliga nisbatan muammoli kreditlari hajmi 253 mlrd so‘mni tashkil etgan. Biroq, o‘tgan oydagi o‘sishdan (73,4%) keyin bu oyda pasayish (71,5%) kuzatildi.
Avvalroq “Spot” joriy yilning to‘qqiz oyi bo‘yicha O‘zbekiston banklarining moliyaviy hisoboti bilan tanishgandi.