Kelgusida Samarqand va Turkiston shaharlarida umumiy qiymati $3 mlrd.lik loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumida qayd etildi.

Xususan, bu bo‘yicha tomonlar o‘zaro bitimlar imzolab, kelishuv amalga oshirilgan.

Ta’kidlanishicha, mamlakatlarning o‘zaro tovar ayirboshlash dinamikasi ikki baravar ko‘payib, $5 mlrd.ga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichni $10 mlrd.ga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi.

So‘nggi 5 yil ichida mamlakatda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 1200 tani tashkil etgan.

Bundan tashqari, umumiy qiymati $3 mlrd.dan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekiston biz uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkordir. Mamlakatlar o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo aloqalari do‘stona munosabatlarimizning lokomotiviga aylandi. Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi”, — dedi Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin.

Avvalroq, Qozog‘iston aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlarni ko‘paytirishni so‘rayotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, mamlakatning “Yevroosiyo banki” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochishni rejalashtirmoqda.