Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv va boshqa sohalardagi munosabatlarni kengaytirish masalalariga to‘xtaldi. Ta’kidlanishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi $5 mlrd.ga yetdi.

Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qo‘shma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surish belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev umumiy madaniy-tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, shu maqsadda TV, radio va veb-saytdan iborat qo‘shma axborot resursini tashkil etish, yozuvchi va shoirlar asarlarini nashr qilishni taklif etdi.

Davlat yetakchilari Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida va O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risida shartnomalarni imzolashdi.

Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Qozog‘iston Bosh vazir o‘rinbosari — savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin o‘rtasida “Markaziy Osiyo” Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini barpo etish to‘g‘risida hadli bitim hamda elektron savdoni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

“O‘zbekneftgaz” Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev hamda “KazMunayGaz” Boshqaruv raisi Magzum Mirzagaliyev tomonidan Qozog‘istondan O‘zbekistonga neft yetkazib berish bo‘yicha bitim imzolandi.

“O‘zkimyosanoat” kuzatuv kengashi raisi, Bosh vazir o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamahmudov hamda “Kazfosfat” mas’uliyati cheklangan shirkati kuzatuv kengashi raisi Eduard Ogay o‘rtasida O‘zbekistonda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda multimodal transport-logistika markazini barpo etish bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda Qozog‘istonning “PTC Holding” kompaniyasi muassisi Daniyar Abulgazinlar o‘rtasida hamkorlik va anglashuv memorandumi tasdiqlandi.

Tashrif doirasida jami $8 mlrd.lik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi. Avvalroq, Samarqand va Turkistonda umumiy qiymati $3 mlrd.lik loyihalar amalga oshirilishi belgilangandi.

Shuningdek, Navoiyda kompleks va fosforli mineral o‘g‘itlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, Toshkentda logistika markazini barpo etish, poytaxtda uy-joy va tijorat infratuzilmasini qurish, Qozog‘istonning Qo‘stanoy shahrida avtomobillar va Qarag‘andi viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar amalga oshirilgan.

“UzAuto Motors” kompaniyasining xabar berishicha, Qozog‘iston Taraqqiyot banki bilan Qozog‘istonda yiliga 30 ming dona “Chevrolet Onix” avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.