Qozog‘iston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakatning Energetika vazirliklari hamda kompaniyalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Energetika vazirligi matbuot xizmati bunga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Xususan, 2023-yilda O‘zbekistonga 300 ming tonna Qozog‘iston nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati $150 mln.lik kelishuv amalga oshirildi. Mazkur kelishuv doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 mln tonnaga yetkazish belgilangan.
Undan keyingi kelishuv 2023-yilda 300 ming tonna Rossiya neftining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish bo‘lib, loyiha qiymati $9 mln.ni tashkil etadi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlar tabiiy gazning o‘zaro tranzitini amalga oshirish, mavjud yer osti gaz omborlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish hamda gaz uzatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Qozog‘istonning “QazaqGaz” kompaniyasi bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida qo‘shma ishchi guruhlar tomonidan 2023-yil 1-maygacha aniq takliflar tayyorlanishi qayd etilgan.
Qozog‘istonda quvvati 2000 MVtgacha bo‘lgan ko‘mir issiqlik elektr stansiyasini qurilib, ishlab chiqariladigan elektr energiyasi O‘zbekiston iste’molchilariga yetkazib beriladi. 2023-yilda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, kimyo sanoatida fosfat va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha “Kazfosfat” kompaniyasi va “O‘zkimyosanoat” kompaniyalari o‘rtasida $1,3 mlrd.lik loyihaga start berildi.
Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan muzokaralar olib borgandi. Mazkur tashrif doirasida jami $8 mlrd.lik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.