O‘zbekistonning “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi ilk tijoriy reysni amalga oshirdi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Yangi aviatashuvchining birinchi tijoriy parvozi 22-dekabr kuni 144 yo‘lovchidan iborat Airbus A320 samolyotida Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi.

Aviakompaniyaning navbatdagi parvozi 23-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da Toshkent-Moskva yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning kuzida havo kemasi ekspluatatori sertifikatini oldi.

Aviakompaniya O‘zbekiston, shuningdek, BAA, Isroil, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanishni rejalashtirmoqda.

Hozirda O‘zbekistonda “Panorama Airways"dan tashqari joriy yil yil faoliyatini boshlagan ikkita xususiy yo‘lovchi aviatashuvchisi faoliyat ko‘rsatmoqda.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi 2021-yil sentabr oyidan parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

2022-yil 21-iyuldan boshlab “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Sankt-Peterburg-Samarqand yoʻnalishi boʻyicha qatnovlarni boshlagandi.

Joriy yil avgust oyida aviakompaniya ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga oldi.

Shuningdek, “Qanot Sharq” Toshkent-Farg‘ona-Moskva yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Parvozlar shanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.


“Air Samarkand”

Noyabr oyida “Spot” Adliya vazirligining “Intellektual Mulk” ma’lumotlar bazasida “Air Samarkand” tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza paydo bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Shuningdek, “Air Samarkand” aviakompaniyasi ham 14-dekabr kuni taqdimoti bo‘lib o‘tgan reyslarni yo‘lga qo‘yishga hozirlik ko‘rmoqda.

U Samarqanddan Rossiya va Yaqin Sharqning 14 ta shahri, shuningdek, Hindistonga reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.


“Silk Avia” aviakompaniyasi

“Uzbekistan Airports” tomonidan xususiylashtirish istiqboli bilan yana bir aviakompaniya — “Silk Avia” tashkil etildi.

Aviakompaniya 2025-yilgacha 70 yo‘lovchini sig‘dira oladigan 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qiladi.

Kompaniya O‘zbekiston ichida arzon parvozlarga e’tibor qaratadi va ATR 72−600 rusumli beshta samolyotda aviatashuvlarni amalga oshiradi.

12-dekabr kuni “Silk Avia” kompaniyasining birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tkazildi. Hozirda samolyotni Toshkentga olib kelish bo‘yicha zarur eksport sertifikati tayyorlanmoqda


Avvalroq “Spot” “Yamal” aviakompaniyasi Sankt-Peterburgdan Namangan hamda Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘ygani haqida yozgandi.