Avgust oyida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi. Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar berishicha, kompaniya bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
Mazkur loyiha qiymati $2,4 mlrd.ga teng bo‘lib, u 2026-yilda ishga tushiriladi.
Loyiha orqali yiliga 5,2 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi va natijada yiliga 1,5 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi rejalashtirilgan.
Stansiyada 300 MVt/550 MVt-soat elektr saqlash kimyoviy batareyalari o‘rnatiladi. Ushbu batareyalar shamol turbinalaridan chiquvchi o‘zgaruvchan elektr energiyasini rostlab beradi.
Mazkur loyiha bo‘yicha 2021-yilning may oyida “ACWA Power” kompaniyasi bilan Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida bitim imzolangandi. Sentabr oyida kompaniya 1 kilovatt-soat uchun 2.5 AQSh sentida tarif taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, 2021-yilning dekabrida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. Loyiha qiymati $108 mln.ni tashkil etadi.
Avvalroq, O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlangandi. Unga ko‘ra, Buxoroda BAAning “Masdar” kompaniyasi, Namanganda Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi, Xorazmda esa Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi stansiya quradi.
Biroq, Namangandagi quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqilishi belgilangan.