Rossiya Oʻzbekiston va Qozogʻiston ichki bozorlari uchun gaz yetkazib berish hajmini oshirish masalasini muhokama qilmoqda, deya xabar berdi “TACC” nashri Rossiya bosh vaziri oʻrinbosari Aleksandr Novakga tayanib.

“Biz Oʻzbekiston va Qozogʻistondagi hamkorlarimiz bilan ularning ichki bozoriga gaz yetkazib berish hajmini oshirish masalalarini muhokama qilmoqdamiz, chunki ularning isteʼmoli ortib bormoqda”, — dedi bosh vazir oʻrinbosari.

Noyabr oyi oxirida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vladimir Putin bilan O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilgandi.

Keyinchalik Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gaz ittifoqi boʻyicha muzokaralar davom etayotgani haqida xabar berildi.

Rossiya TIV maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Yuriy Sentyurinning ta’kidlashicha, muzokarachilarning kontekstdan, xususan, Ozbekiston vakillaridan olingan iqtiboslari media maydonida notoʻgʻri talqin qilinmoqda.

Sentyurinning aniqlik kiritishicha, uch tomonlama gaz ittifoqini tashkil etish taklifi hali ham muhokama qilinmoqda, muzokaralar yakunlanmagan.

“Rossiya bilan gaz boʻyicha shartnoma tuzish ittifoq degani emas. Rossiya va Oʻzbekiston tomonlari Rossiyadan Qozogʻiston orqali gaz yetkazib berish boʻyicha muzokara olib bormoqda, biroq bu texnik shartnoma boʻladi”, — dedi Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamaxmudov.

“Qozog‘iston hali gaz ittifoqini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilgani yo‘q. Toʻqayev taklifni diqqat bilan o‘rganadi”, — dedi respublika tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, uch tomonlama gaz ittifoqi taklifi gazni siyosiy shartlarga almashtirishni nazarda tutmaydi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga Turkmanistondan tabiiy gazi importi 1,5 mlrd kub metrga oshirilishi haqida yozgandi.