Moliya vazirligi O‘zbekiston fond bozorini raqamlashtirish bo‘yicha tenderga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Fond bozorining axborot-resurs markazi” hamda “Toshkent” Respublika fond birjasi bilan birga amalga oshiriluvchi mazkur loyihaga moliyaviy texnologiyalar (fintech) kompaniyalari hamda kapital bozori ishtirokchilarini hamkorlikka chaqirmoqda.
Mobil ilova quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga olishi kerak:
- respublika fond birjasida brokerlar mijozlari — jismoniy shaxslar hisobvaraqlarini ochish va ro‘yxatdan o‘tkazish, qimmatli qog‘ozlar bilan savdolarni amalga oshirishida identifikatsiya qilish (shu jumladan “Face ID” usuli bo‘yicha tekshirish);
- investitsion vositachilarda masofadan turib brokerlik hisobvaraqlarini ochish;
- mijozning brokerlik hisobvarag‘idan pul mablag‘larini onlayn yechib olish va to‘ldirish;
- qimmatli qog‘ozlar bozori ma’lumotlariga ega bo‘lish va Respublika fond birjasida onlayn savdolarni (sotib olish/sotish) amalga shirish;
- uchinchi tomon ilovalari va xizmatlari bilan integratsiya qilish.
- Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va bozor axboroti kompaniyalari bilan ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi “Ilova dasturlash interfeysi” (API) ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda hamkorlik qilinadi.
Mazkur hamkorlik kapital bozori ishtirokchilariga yuqoridagi moliyaviy va texnologik xizmatlarni ko‘rsatishdan kelib tushgan daromadlarni taqsimlash asosida amalga oshiriladi.
Tenderda ishtirok etish hamda hamkorlik uchun +998 78 150 29 99 telefon raqami yoki alina@fondbozori.uz, admin@fondbozori.uz elektron pochtalariga murojaat qilish mumkin.
Yakuniy takliflar 2023-yilning 31-yanvarigacha qabul qilinadi.
Batafsil ma’lumot bu yerda.