“Termiz” xalqaro aeroporti rekonstruksiyadan so‘ng yana ishga tushirilib, birinchi reysni qabul qildi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aviakompaniyaning Toshkent-Termiz yo‘nalishi bo‘yicha HY-65 reysi, bortida 146 nafar yo‘lovchilar bilan soat 08:15 da Termiz aeroportiga kelib qo‘ndi.
Qayta qurish doirasida uzunligi 3 ming metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari va uchta samolyot to‘xtash joyi uchun perronni o‘z ichiga olgan, 4E toifali aerodrom majmuasi qurildi. Shuningdek, aerodromga “CAT-I ICAO” yoritish uskunalari tizimi, meteorologik va radionavigatsiya qo‘nish tizimlari o‘rnatilgan.
Mazkur majmuani qurish loyihasi 550 mlrd so‘mga baholanmoqda hamda 377 mlrd so‘mlik ishlar bajarilgan. Loyihaning yakuniy bosqichi — uchta samolyot turar joyi va ikkinchi yurish yo‘lagi 2023-yilning apreligacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
“Mazkur aerodromning uchish-qo‘nish yo‘lagi betondan qurilgan. Bu Surxondaryoning issiq iqlimi sharoitida eng yaxshi yechim — betondan yasalgan uchish-qo‘nish yo‘lagi mustahkamroq va chidamliroqdir”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, “Toshkent” xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldida 333 ta o‘ringa mo‘ljallangan to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh test rejimida ishga tushirilgandi.