O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrd.ga yetkazishi mumkin. Bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Ozarbayjon Bosh vazirining o‘rinbosari Shahin Mustafoyev o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlangan.
2023-yilning boshida Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini va istiqbolli investitsiya loyihalarining “road-show"sini hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlari birinchi forumini Toshkentda tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Suhbat davomida ipakchilik va to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va zargarlik sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Ozarbayjon “Alyat” EIZ boshqaruvi raisi Valeh Aleskerov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda EIZda oziq-ovqat, charm-poyabzal, to‘qimachilik va boshqa yuqori talabga va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va Yevropa Ittifoqi, MDH va boshqa qo‘shni davlatlar bozoriga eksportni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga istiqbollari muhokama qilindi.
“Boku xalqaro dengiz savdo porti” bosh direktori Taleh Ziyadov bilan transport-logistika aloqalarini kengaytirish, xususan, konteynerlar tashish va “Ro-Ro” usulida yuklarini dengiz portlari orqali yetkazish hajmini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilning avgust oyida Ozarbayjon va O‘zbekiston energetika sohasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagandi.