Davlat statistika qo‘mitasi 2025-yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishga oid qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, mazkur sohada ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari 2025-yilning 1−31 avgust kunlari amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Bunda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mo‘ljallangan yoki foydalaniladigan yer egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilari bo‘lgan, shuningdek, qishloq xo‘jaligi hayvonlari va parrandalariga ega bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar nazarda tutilmoqda.
AKT vazirligiga 2024−2025 yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida davlat statistika organlari hamda tuman, shahar ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan ta’minlash vaziafasi yuklanmoqda.
2025-yilning 1-mayiga qadar planshet qurilmalariga qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishning maxsus mobil ilovasi o‘rnatiladi.
Shuningdek, 2025-yilning iyul-avgust ro‘yxatdan o‘tkazishga doir ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida planshet qurilmalarini himoyalangan virtual shaxsiy tarmoq (VPN) aloqa kanali bilan ta’minlash belgilangan.
Shu bilan birga, iyul-avgust oylarida mazkur jarayonga jismoniy va yuridik shaxslar o‘z roziligi asosida jalb qilinadi. Ularga asosiy ish yoki o‘qish joylaridagi lavozimi va o‘rtacha oylik maoshlari yohud stipendiyalari saqlab qolinib, tegishli ravishda haq to‘lanadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish davrida quyidagi bo‘linmalar tashkil etiladi:
- tuman, shahar ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi;
- ro‘yxatdan o‘tkazish uchastkasi;
- instruktorlik uchastkasi;
- hisob uchastkasi.
Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 2023-yilning 6-yanvarigacha qabul qilinadi.
Avvalroq, Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston chegarasi orqali o‘tishida biografik va biometrik ma’lumotlarini yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va almashishning vaqtincha tartibini belgilovchi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.