“ICE Futures” saytida gazning birja narxi 1000 kub metr uchun 2022-yil 13-iyundan beri birinchi marta $900dan pastga tushdi, deya xabar bermoqda “RBC” nashri.
Niderlandiyadagi TTF xabida yanvar fyucherslari narxi savdolar ochilishida 3,59%ga tushib, 1 MVt/soat uchun 80 yevroni tashkil etdi yoki 1000 kub metr uchun $895,8dan bir oz kamroqga baholandi.
Yevropada gaz narxi iyun oyidan beri birinchi marta 18-oktabrda $1200 dan pastlagandi. Keyinchalik oy oxirida narx $1000 dan pastlab, $953 ga baholangandi.
Mintaqadagi issiq qish va Yevropa omborlarida gazning yuqori hajmlari fonida gaz narxi arzonlashmoqda. “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, 25-dekabr holatiga omborlar 83,1%ga to‘lgan.
“BCS Mir Investments” kompaniyasining taʼkidlashicha, omborxonalardagi gaz zaxiralari yilning shu davridagi meʼyordan sezilarli darajada yuqori boʻlsa-da, vaziyat mintaqadagi gaz isteʼmolchilari uchun tezda salbiy tomonga burilishi mumkin.
Investitsiya kompaniyasining eslatishicha, dekabr oyi boshida sovuq va shamolsiz ob-havo gaz narxi 1000 kub metr uchun $1500dan oshgandi va omborlardagi zaxiralar tez pasayishni boshladi. Biroq, so‘nggi o‘n kun ichida Yevropadagi g‘ayritabiiy issiq ob-havo bu ta’sirni inkor etdi.
O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi davlatlari gaz narxining chegarasini megavatt-soatiga 180 yevro (1000 kub metr uchun taxminan $2000) miqdorida rasman tasdiqladi. Narxlar chegarasi 2023-yil fevralidan kuchga kiradi.
Avvalroq “Spot” Rossiya Oʻzbekiston va Qozogʻistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirish masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.