Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda “Turkistonbank” hamda “Hi-Tech Bank"ning bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziyasi qaytarib berilishi yuzasidan tarqatilayotgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Joriy yil 7-oktabr kuni Markaziy bank qaroriga asosan “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasi qaytarib olingandi.
Har ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilganligi sababli keltirilgan qaroriga asosan banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi.
“Hi-Tech Bank” tomonidan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs sudga murojaat etish huquqidan foydalangan holda Markaziy bank qarori yuzasidan sudga murojaat qilingan.
“Bankning Markaziy bank qarori yuzasidan sudga murojaati protsessual qonunchilik asosida ko‘rib chiqilishi mumkin”, — deyiladi regulyator xabarida.
27-oktabrda Markaziy bank raisi mazkur banklar omonatchilarining mablag‘lari yopilgan kungacha hisoblangan foizlari bilan 100% qaytarilishi haqida ma’lum qilgandi.
Keyinchalik “Turkistonbank” omonatchilari mablag‘larini olish uchun 21-noyabrdan boshlab agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ga murojaat qilishlari mumkinligi xabar qilindi.