“Tesla” kompaniyasining bozor qiymati o‘tgan haftada $85 mlrdga pasaydi, deya xabar bermoqda “Financial Times” nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, elektromobil ishlab chiqaruvchining aksiyalari 18%ga tushib ketgan, bu kompaniya uchun 2020-yil mart oyidan beri eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi.

2022-yil boshida “Tesla” kapitallashuvi $1,2 trln.ni tashkil qilgan. O‘shandan beri bu ko‘rsatkich $800 mlrd.dan ko‘proqqa kamaydi. Bugungi kunda kompaniyaning boyligi $400 mlrd.dan kam.

23-dekabr, juma kuni kompaniya aksiyalari $123,15ga yopildi, bu ikki yildan ortiq vaqtdagi eng past narx hisoblanadi.

“Financial Times” nashri bu pasayishni “Tesla” asoschisi Ilon Maskning “Twitter"ni sotib olish uchun qimmatli qog‘ozlarini sotishi va investorlarning elektromobillar sotuvi istiqbollari haqida tashvishlanayotgani bilan izohladi.

Dekabr oyida Mask $3,58 mlrd.lik 22 mln “Tesla” aksiyasini sotdi, shundan so‘ng elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaning aksiyalari ikki yillik eng past darajaga yetdi.


Avvalroq “Yahoo! Finance” joriy yil boshi va dekabr oxiridagi yirik IT-kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari qiymatini solishtirgandi.

Unga ko‘ra, “Apple” aksiyalari narxi 25,49%, “Microsoft” 27,34%, “Tesla” 60,62% va “Meta” kompaniyasiniki 64,41%ga tushib ketgan.