O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida savdo aloqalari va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator memorandumlar imzolandi, deya xabar bermoqda “Dawn” nashri.

Xususan, tomonlar imtiyozli savdo shartnomasining kuchga kirish sanasini 2023-yilning fevrali qilib belgilashdi.

Xabarga koʻra, bu vaqtga kelib O‘zbekiston Pokistonda qabul qilingan hujjatni ratifikatsiya qilishni yakunlaydi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun yangi bozorlar istiqbollariga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etiladi.

Shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda $1 mlrd.ga yetkazish rejalashtirilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari tranzit savdosi boʻyicha kelishuvni amalga oshirishni belgilab olishdi. Oʻzbekiston hukumati qoidalarni 2023-yilda taqdim etishi kutilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, Afg‘oniston orqali yuk tranziti bo‘yicha qo‘shma strategiya ishlab chiqish niyatida.

O‘zbekiston bir necha yillardan buyon tovarlarni eksport qilishda janubiy yo‘nalishlarning rolini oshirish choralarini ko‘rmoqda.

Ushbu ishlar doirasida 2021-yil noyabr oyida O‘zbekistondan birinchi tranzit yuk Pokistonga yetib keldi va Pokiston tomoni o‘zbekistonlik haydovchilarning kirishini soddalashtirdi.

Mart oyidan boshlab Pokiston oʻzbek isteʼmolchilariga goʻsht yetkazib berishni yoʻlga qoʻydi, Hindiston esa ilk bor Pokiston va Afgʻoniston hududi orqali Oʻzbekistonga tranzit yuk joʻnatdi. May oyida qarama-qarshi yo‘nalishda O‘zbekiston tovarlari yetkazib berish boshlandi.

Uch mamlakat Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasi ustida ham hamkorlikda ishlamoqda, bu rejaga ko‘ra, yuklarni yetkazib berish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytiradi. Magistral yo‘l 2027-yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.


Avvalroq “Spot” Pokiston O‘zbekiston haydovchilari uchun maxsus vizalar joriy etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.