26-dekabr kuni Buxoroda “Wyndham Bukhara” mehmonxonasi ochildi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

1996-yilda ochilgan sobiq “Bukhara Palace” mehmonxonasi “Wide Tent System” kompaniyasi tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib, yangi “Wyndham Bukhara” nomi ostida oʻz faoliyatini boshladi.

Yangi mehmonxona ishga tushirilishi natijasida 200 ga yaqin yoshlar ish bilan taʼminlandi.

Mazkur mehmonxonada sayyohlar uchun qoʻshimcha 212 ta xona va 450 ta oʻrin, shu jumladan, 4 ta prezident tipidagi xonalar yaratilgan.

Shuningdek, unda konferensiya zallari, restoran, bar, basseyn, fitnes zallari, turk va fin hammomi, avtoturargoh kabi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi.

Bundan oldin Germaniyaning “Deutsche Hospitality” kompaniyasi vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus O‘zbekiston, xususan, Toshkent mehmonxona ochish uchun eng ishonchli hamkor va eng qulay joy ekanini aytib o‘tdi.

“Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham o‘rgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz”, — dedi “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Julien Bergue.


Avvalroq “Spot” Buxoroda uzunligi 820 metr bo‘lgan “Street Food” gastronomik ko‘chasi tashkil etilayotgani haqida yozgandi.