Onlayn xizmatlarning rivojlanishi insonlarga yengillik berish bilan birga, firibgarlik holatlariga ham keng yo‘l ochmoqda. Biroq, noqulay vaziyatlarga tushib qolmaslik, yolg‘on qurboniga aylanmaslik hamda moddiy yo‘qotishlarga uchramaslik faqat va faqat insonning o‘ziga bog‘liq.
Ortda qolayotgan 2022-yil firibgarlar uchun “unumli yil” bo‘ldi. Turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar ularning “qarmog‘i"ga aylanib, aldov yo‘li bilan odamlardan pul olishning turli yo‘llarini qo‘llashdi.
Xususan, to‘lov operatorlari nomidan telefon qo‘ng‘iroqlari, SMSlar, davlat rahbari nomidan aholiga, yoshlarga, oilalarga pul ajratilayotgani haqidagi xabarlar jo‘natish kabi holatlar kuzatildi. Afsuski, bularning yolg‘on ekanligini bilganlar ham bo‘ldi, bilmaganlar ham.
“Veriff” global identifikatsiya provayderi tahlillariga ko‘ra, global firibgarlik faoliyati 2021-yilga nisbatan 18%ga oshgan.
Joriy yilda firibgarlar, ayniqsa, Rossiyadan kelganlar o‘z imkoniyatlarini kengaytirib, O‘zbekiston (28,1%), Qozog‘iston (22,8%), Belarus (22,5%) kabi davlatlarga kirib borgan.
“Spot” onlayn firibgarlik holatlariga oid ma’lumotlar hamda ularni rasmiy xabarlardan qanday ajratish mumkinligi bo‘yicha ma’lumotlarni jamlab, eng keng tarqalgan beshta turga to‘xtaldi.
To‘lov operatorlari nomidan qo‘ng‘iroq
Firibgarlar to‘lov operatorlari nomidan qo‘ng‘iroq qilib, tizimda qandaydir xatolik yuz berganini yoki tizim yangilangani sabab unga raqamni qayta ulab qo‘yishni ro‘kach qilishadi.
Agar raqamni ulash uchun kodni berishmasa foydalanuvchilar tarmoqdan uzib qo‘yilishlari, pul o‘tkazish/yechish amaliyotlarini bajara olmasliklarini hamda bloklanib qolishlarini aytib, bosim o‘tkazishadi.
Yana bir ahamiyatli jihati, ular rus tilida muloqot qilishadi, bu esa ularning chindan ham to‘lov tashkilotlarining operatorlari ekanligiga ishonchni oshiradi.
Agar ulardan o‘zbek tilida muloqot qilishlarini so‘rashsa, ular telefonni yopib qo‘yishadi. (Mazkur materialni tayyorlash davomida “Spot"da ham shu holat kuzatildi.)
“Click” to‘lov tizimining “Spot"ga ta’kidlashicha, bu kabi qo‘ng‘iroqlar bo‘lganda ishonmaslik kerak. Ularga ishonib, plastik karta raqamlariga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik hamda kompaniyaning rasmiy raqami bilan bog‘lanib aniqlik kiritishni aytish zarur.
Kompaniya operatorining qayd etishicha, aholining ayrim qismi rus tilida yaxshi muloqot olib bora olmasliklari sabab firibgarlar aholi bilan aynan shu tilda gaplashishadi. Bu esa ularga yanada ta’sir o‘tkazishga sabab bo‘ladi.
Bank nomidan soxta yutuqlar
Firibgarlar soxta akkaunt, soxta saytlar orqali foydalanuvchilarga yozishadi, turli reklamalar orqali jalb qilishadi. Banklar, davlat tomonidan pul ajratilgani yoki yutuqli o‘yinda g‘olib bo‘lganlikni tasdiqlovchi xabarlarni jo‘natib, havola orqali uni olish mumkinligini ta’kidlashadi.
Biroq, bu kabi xabarlarga ishonishdan oldin foydalanuvchining akkauntini ko‘zdan kechirish va sayt nomi hamda domeniga e’tibor berish kerak. O‘zbekiston hududidagi barcha to‘lov tizimlari, banklar hamda rasmiy saytlar faqat .uz domeni bilan tugaydigan manzildan foydalanishadi. Xabar jo‘natgan akkauntda esa asosan bitta rasm bo‘ladi va telefon raqami ko‘rsatilmaydi.
Masalan, “Uzum bank” (avvalgi “Apelsin bank”) nomidan quyidagi mazmunda xabar jo‘natilgan: “Tabriklaymiz! Sizning akkauntingiz xizmatimiz g‘oliblari ro‘yxatiga kiritilgan va siz hoziroq o‘z sovriningizni talab qilishingiz mumkin. Buning o‘rniga havolaga o‘ting”.
Mazkur bank nomidan jo‘natilgan yana bir xabarda esa “Yangi yil arafasida 20 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga 650 ming so‘m ajratilayotgani” yozilgan.
Har ikkita xabardagi havolalarga ahamiyat berish kerak: birinchi xabarda havola apelsin.uz-duuzfhc.shop ko‘rinishida, ikkinchisida apelsin.uz-bankkredit.com shaklida.
Havolaga kirish bilan foydalanuvchilardan bank ma’lumotlari so‘ralishi mumkin. Hech qanday yutuqli o‘yinlarda yoki yordam pulini olishda foydalanuvchilardan telefon raqamlariga borgan kodni aytishlari, plastik raqami va parolini kiritishlari so‘ralmaydi. Agar u rasmiy ajratilgan mablag‘ bo‘lsa, foydalanuvchining hisob raqamiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tushishi kerak.
Bank ham foydalanuvchilarni aldanib qolmaslikdan qayta-qayta ogohlantirgandi.
Davlat rahbari nomidan yordam pullari
Bu turdagi onlayn firibgarlik ham avj olib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlar hamda messenjerlar orqali aholiga bir martalik yordam pullari ajratilayotagni haqidagi xabarlar ortidan “chindan ham yordam puli berilayapti, lekin ololmayapmiz” degan mazmundagi holatlar yuzaga keldi.
Biroq bu mazmundagi xabarlarga ishonishdan oldin saytning nomiga, domeniga e’tibor berish kerak. Masalan, quyidagi “homilador ayollar va 17 yoshgacha bo‘lgan bolasi bor oilalarga davlatdan 650 ming so‘m ajratilishi” haqidagi xabarni olaylik.
Yordam pulini uz-helpchild.com saytidan olish mumkinligi ta’kidlangan. Shuningdek, bu kabi mazmundagi xabarlarning yolg‘onligini aniqlash uchun grammatik xatolariga ham e’tibor berish kerak: firibgarlar asosan jo‘n, grammatik xatolar bilan yozishadi yoki gaplar bir-biriga to‘g‘ri ulanmagan bo‘ladi. Bu esa boshqa tildan o‘zbek tiliga tarjima asosida yozganini isbotlashi mumkin.
Shuningdek, yana bir holatga e’tibor qaratish kerak. Endi firibgarlar joydalanuvchilarning “Telegram” akkauntlarini buzib kirishga o‘tmoqda. Quyidagi xabarda foydalanuvchi nomidan yordam puli ajratilayotgani haqidagi soxta xabar guruhlarga tarqatilgan, foydalanuvchi buni o‘zi qilmaganini ta’kidlamoqda.
SMS-xabarnoma
Yaqinda keng tarqala boshlagan firibgarlikdan yana biri — SMS orqali daromadli ish taklifi bildirilmoqda. Ularga ish va talablari haqida qisqacha xabar jo‘natilib, havolalar orqali bog‘lanish kerakligini ta’kidlashadi.
Aldanmaslik uchun nima qilish kerak
Markaziy bank ham ijtimoiy tarmoqlardagi soxta kanallar hamda veb-sahifalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Firibgarlar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi natijasida ulardan foydalanib mobil ilovalarni ruxsatsiz boshqarish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida regulyator quyidagilarni qayd etdi:
- e’lonlardagi har qanday aksiyalar, pul yutuqlari hamda boshqa takliflarni tashkilotlarning rasmiy veb-sahifasidan qayta tekshirish;
- saytning rasmiyligiga ishonch hosil qilmasdan ularga o‘z shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik;
- ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda tarqatilayotgan, aksiya va yutuqli lotereya o‘yinlari to‘g‘risidagi reklamalar keltirilgan havolalarni tekshirmasdan oldin ochmaslik;
- rasmiy emas havolalarni boshqalarga tarqatmaslik.
Aksariyat “Telegram” orqali jo‘natilayotgan yolg‘on xabarlardan kelib chiqib, akkauntga buzib kirmasliklari hamda ishonchliroq himoyalanish uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish zarur.