Farg‘ona NQIZda sinov tarzida gaz-turbinali dvigatellar uchun JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi partiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur yoqilg‘i Yevropa sifat standartiga javob beradi va xalqaro aviatsiya bozorida, xususan “Airbus” va “Boeing” samolyotlarida unga talab yuqori.
FNQIZ tomonidan ishlab chiqarilgan JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi Butunrossiya neftni qayta ishlash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkaziladigan malaka sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Ushbu sinovlardan so‘ng ishlab chiqarish texnologiyasi tasdiqlanib, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligidan muvofiqlik sertifikati olindi.
JET A-1 yoqilg‘isi ASTM texnologiya standarti (AQSH) asosida ishlab chiqilgan mahsulot hisoblanadi.
U asosida texnologik jarayonni tashkil etish uchun FNQIZga $3 mln.lik maxsus laboratoriya jihozlari keltirildi. Laboratoriya akkreditatsiyadan o‘tkazilgani haqida tegishli attestatlar olindi.
“Muvofiqlik sertifikatining qo‘lga kiritilishi zavodning yuqori sifatli va zamonaviy aviayoqilg‘i ishlab chiqarish qobiliyatidan dalolat beradi. Mahsulot barcha belgilangan standartlar va e’lon qilingan texnologiya talablariga mos keladi”, — dedi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakili Alisher Dudoyev.
FNQIZ texnologik qurilmalarining konfiguratsiyasi aviakerosin ishlab chiqarish hajmini oyiga 8 ming tonnagacha oshirish va kelajakda mahalliy hamda xorijiy aeroportlarga yetkazib berishni ko‘paytirish imkonini beradi.
“Mahalliy aeroportlarga aviakerosinni yetkazib berish geografiyasini yaratishni hamda xalqaro havo kemalariga O‘zbekistonda yuqori sifatli mahalliy yoqilg‘i quyib olish imkonini yaratishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi FNQIZ direktori Habib Latipov.
Xabarda keltirilishicha, FNQIZda yangi turdagi aviatsiya yoqilg‘isini sanoat ishlab chiqarishini ta’minlash ustida ish olib borilmoqda.
Avvalroq, “Uzbekistan GTL” zavodida tabiiy gazdan birinchi sintetik aviakerosin ishlab chiqarilgandi.