Markaziy banklar yil boshidan buyon 673 tonna oltin sotib oldi, bu 1967-yildan beri rekord ko‘rsatkichdir, deya xabar bermoqda “Financial Times” nashri.

Unga ko‘ra, Rossiya va Xitoy asosiy xaridorlarga aylangan. Uchinchi chorakda xaridlar bo‘yicha rasman Turkiya (31 tonna) va O‘zbekiston (26 tonna) yetakchi bo‘ldi.

Dekabr oyida Xitoy Xalq banki noyabr oyida 2019-yildan beri birinchi marta oltin zahiralarini oshirganini e’lon qildi. O‘sish 31 tonnani yoki pul ko‘rinishida $1,8 mlrd.ni tashkil etdi.

Nashr bu dinamikani mamlakatlarning dollardan voz kechib, zaxiralarni diversifikatsiya qilish istagi bilan izohlaydi.

Fransiyaning “Natixis” investitsiya bankining yirik xomashyo tahlilchisi Bernard Dahdaning aytishicha, deglobalizatsiya va geosiyosiy keskinliklar markaziy banklarni zahiralarni diversifikatsiya qilishga undagan.

AQSh dollaridan voz kechish tendensiyasi kamida o‘n yil davomida o‘zgarmaydi, deb kutmoqda ekspert.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sotib olingan oltin hajmi bo‘yicha hisob-kitoblar rasmiy ma’lumotlardan sezilarli darajada yuqori, bu esa ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida xaridorlarning kimligi va ularning motivlari haqida mish-mishlarga sabab bo‘ladi.

“Financial Times” yozishicha, Jahon oltin kengashining konservativ hisob-kitoblari XVJ va alohida markaziy banklar tomonidan bildirilgan xaridlar hajmidan (yil boshidan sentyabrgacha 333 tonna) oshib ketgan.

Noyabr oyida rasmiy moliya institutlari 673 tonna oltin sotib oldi va butun uchinchi chorak davomida markaziy banklarning o‘zi 399,3 tonna oltin sotib oldi.

Bu 2000-yildan buyon har chorakda statistik ma’lumotlarni yurita boshlaganidan beri rekord ko‘rsatkichdir. Bundan tashqari, bu avvalgi chorakga nisbatan 115%ga ko‘pdir.


Avvalroq “Spot” noyabr oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $1,1 mlrdga ortgani haqida yozgandi.