“Build Your Dreams” (BYD) va “O‘zavtosanoat” (UzAvto) yangi energiya manbaalarida harakatlanuvchi avtomobillar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etadi. Bu haqda “O‘zavtosanoat"ning matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha tomonlar kelishuv imzolangan bo‘lib, DM-i turidagi super gibrid modellar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mazkur qo‘shma korxona O‘zbekistonda joylashishi rejalashtirilgan.
“O‘zaro manfaatli hamkorlik BYD strategiyasining asosiy negizi bo‘lib xuddi shu maqsad bilan hamohang bo‘lgan kompaniya bilan hamkorlik qilish juda muhimdir”, — deydi “BYD” Yevropa va Xalqaro Hamkorlik Boshqarmasi boshqaruvchi direktori Maykl Shu.
Mazkur kompaniya akkumulator batareyalarini loyihalashtirish va ishlab chiqarish tajribasiga ega. Shuningdek, o‘zi yaratgan dvigatel va yurish sistemasi, akkumulator batareyasi, elektr motor va motorlarni boshqaruvchi tizimlari mavjud.
2022-yilning noyabr oyi holatiga “BYD” kompaniyasining energiya manbaasida harakatlanuvchi avtomobillari 3 mln.dan oshgan.
“BYD texnologiyasi bilan Uzavto ishlab chiqarish imkoniyatlarining uyg‘unlashuvi O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yangi energiya manbaalarida xarakatlanuvchi avtomobillarni ommalashuvini jadallashtiradi”, — deydi “O‘zavtosanoat” Boshqaruv Raisi Shavkat Umurzakov.
O‘zbekistonliklarning elektromobillarga bo‘lgan talabi
O‘zbekistonliklarning elektromobillarga bo‘lgan talabi tobora ortib bormoqda. Joriy yilda mamlakat fuqarolari xorijdan qiymati $61 mlnlik 1900 dan ortiq elektromobillar xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 1223 taga ko‘proq. O‘tgan oyga nisbatan esa qariyb $6 mln.ga oshgan.
Elektromobillar soni ortayotganiga qaramasdan ularga xizmat ko‘rsatish markazlari yo‘q. Mamlakatda elektromobillarni quvvatlash stansiyasi asosan Toshkent va Samarqandda joylashgan.
Davlat rahbari elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish, butlovchi qismlarni mahalliylashtirish masalalariga to‘xtalgandi.
2022-yil oxiridan “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatishi belgilangan “UzAuto Motors” ham taxminan 2027-yildan elektromobillar bozoriga kirishni rejalashtirgan.
Tashkilotlar ham birin ketin elektromobillarni quyosh energiyasida zaryadlovchi qurilmalarga o‘tmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti Toshkentda ana shunday qurilmani ishga tushirgandi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi binosida ham elektromobillarni tezkor zaryadlash stansiyasi o‘rnatildi.
O‘zbekiston elektromobillar sanoatini nimalar kutmoqda
Davlat rahbari mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va topshiriqlar bergandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillarni utilizatsiya yig‘imidan, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, jihozlari, xomashyo materiallarini bojxona bojidan ozod etish mo‘ljallanmoqda.
Ishlab chiqarish jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilguncha investorlarga muayyan miqdordagi elektromobillarni imtiyozli shartlar asosida olib kirishga ruxsat berish taklif etilmoqda. O‘zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Elektromobillarda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchilarga litsenziya uchun davlat boji to‘lashda yengillik beriladi.
Mamlakatda tashkil etilayotgan mis klasterlaridan foydalanib, elektromobillar va quvvatlash stansiyalari uchun butlovchi qismlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, prezident tomonidan qabul qilingan ikkita muhim hujjatda ham elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Xususan, 2024-yilgacha mamlakatda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soni kamida 2 500 taga yetkaziladi.
2023-yildan tadbirkorlarga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektromobillarga elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Shuningdek, elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat’i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi.
Keyingi yildan 2026-yilgacha elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari joylashgan yerlar yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘idan, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari esa yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
2030-yilgacha mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi.