Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kriptovalyuta faoliyati bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, 2023-yildan boshlab mamlakat fuqarolari va yuridik shaxslar kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishlari mumkin.

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun tegishli litsenziya olmagan xorijiy platformalarda kripto-aktivlar bilan har qanday operatsiyalarni amalga oshirish qonun hujjatlarini buzishga olib kelishi ta’kidlangan.

Shu sabab, mazkur jarayonlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Avvalroq, kripto-do‘kon faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangandi. Bu faoliyat turi kripto-do‘konning elektron platformasi yoki savdo obyekti orqali amalga oshiriladi.

Shundan so‘ng, O‘zbekistonda kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar berish boshlandi. Bu bo‘yicha “Crypto Trade NET” va “Crypto Market"lar Markaziy Osiyo va MDH hududida birinchisi bo‘ldi.

Undan keyin, “Crypto EXPRESS” mazkur faoliyat turi uchun litsenziya olgan uchinchi kripto-do‘kon bo‘ldi.

Avvalroq, “Binance” kriptobirjasi ham O‘zbekistonda bosh menejerlikka vakansiya ochgani haqida xabar berilgandi.