Tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi

2023-yildan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Yuridik shaxslar tomonidan 2022-yildan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash va arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi.


Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etiladi

2023-yildan Saudiya Arabistoni fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘lib, bu tartib 30 kunga amal qiladi.

Bunda ulardan faqatgina Saudiya Arabistoniga qaytib uchib ketish chiptalarini ko‘rsatishlari talab qilinadi.


14 ta tumanda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi

Soliqlarni undirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan 14 ta tumanda “Mahalla budjeti” tizimi huquqiy eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Mazkur tumanlarda mol-mulk va yer solig‘i (noturar joylar bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 10%i hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha tuman budjetlari orqali tegishli jamg‘armalarga yo‘naltiriladi.


Qurilish obyektlarini ro‘yxatga olish jarayonlari raqamlashtiriladi

2023-yildan tegishli davlat dasturlari va loyihalari doirasida obyektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanadi.

Bunda hokim yordamchisi, mahalla faollari va yoshlar yetakchilari, OAV va boshqa jamoat tashkilotlari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

qonundagi o‘zgarishlar


Pensiyalar qayta hisob-kitob qilinadi

1-yanvardan boshlab pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshiriladi.

Xususan, pensiya tayinlashda hisobga olingan o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 3 mln 240 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan pensionerlarning pensiyalari qayta hisob-kitob qilinadi.

Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bergan tushuntirishni bu yerda o‘qish mumkin.


Bojxona organlari xodimlarining daromadlari deklaratsiya qilinadi

1-yanvardan bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash joriy etiladi.

Qayd etilishicha, 2023-yil yakuniga qadar respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida “Masofaviy bojxona nazorati” tizimi joriy etiladi.


Yakka tartibdagi tadbirkor uchun ijtimoiy soliq summasi miqdori kamaytiriladi

YTTlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50%idan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi.

Savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar bundan mustasno.

Shuningdek, 1-yanvardan o‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida belgilangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi.


“UZKAD” kafolatlangan yagona axborot tizimi etib belgilanadi

Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi (UZKAD) ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilanadi.

Bunda “UZKAD” tizimiga quyidagilar integratsiya qilinadi hamda real vaqt rejimida onlayn ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi:

  • Garov reyestri;
  • “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
  • Ko‘chmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestri;
  • Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestri;
  • O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining yagona reyestri;
  • “Davlat mulki” axborot tizimi;
  • Nodavlat notijorat tashkilotlar va ularning bo‘linmalari reyestri;
  • litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari va boshqalar.

Onlayn ma’lumot almashinuvi paytida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi, shu sababli UZKAD tizimida bo‘lmaganligi aniqlangan taqdirda, uch kun ichida ushbu huquq “UZKAD” tizimida haq undirmasdan va ariza talab qilmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va ma’lumot taqdim etiladi.

qonundagi o‘zgarishlar


Ayrim faoliyatlar bilan tomorqasida shug‘ullanganlar rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi

O‘zining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga BHMning kamida 1 baravari (300 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, ular rasmiy band bo‘lgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qo‘shiladi:

  • chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar);
  • issiqxona;
  • parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak);
  • quyonchilik;
  • asalarichilik;
  • baliqchilik;
  • bog‘dorchilik;
  • limonchilik;
  • gulchilik.

Subsidiya asosida asosida olingan uy-joy krediti uchun yo‘naltirilgan mablag‘dan daromad solig‘i olinmaydi

Uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlari uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘iga tortilmaydi.

Mazkur imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.


Xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlisi bayoni elektron tizimga joylashtiriladi

Ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ko‘p xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi majlisi va ishtirokchilari umumiy yig‘ilishi bayonlari ular rasmiylashtirilgandan so‘ng 10 kunda “Davlat mulki” axborot tizimida joylashtiriladi.


Poyabzal ishlab chiqaruvchilar foyda solig‘idan ozod etiladi

Charm, mo‘yna xom ashyosi va junni qayta tayyorlash, qoramolni avtomatlashtirilgan tarzda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar 2026 yil 1 yanvargacha foyda, aylanmadan olinadigan va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.


Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlari raqamlashtiriladi

Fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimi ishga tushiriladi.

Mazkur axborot tizimi doirasida:

  • advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi;
  • advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi;
  • advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi;
  • tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi o‘tkazilish vaqti va joyi to‘g‘risida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi;
  • advokat so‘rovini elektron yuborish va advokat so‘rovi asosida yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • advokatning o‘z arizasiga ko‘ra advokatlik maqomini to‘xtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.

Tegishli nizom bilan 2023-yil 1-yanvardan:

  • advokatlik faoliyati uchun litsenziya berish, malaka imtihonini topshirish tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali;
  • advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish YAIDXP orqali amalga oshiriladi;
  • advokatlikni boshlashda malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

qonundagi o‘zgarishlar


Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va bo‘limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi

Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo‘yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o‘zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshiriladi.

Narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratiladi.

Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi ishlarni elektron tarzda sudlarga yuborish va sudlar tomonidan ularni videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqish mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarining ambulator va statsionar bo‘limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi.


Davlat ijtimoiy buyurtmasiga oid ma’lumotlar majburiy tartibda e’lon qilib boriladi

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda quyidagilar elektron portalga joylashtirib boriladi:

  • ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarning loyihalari;
  • sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasini berish uchun tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lonlar;
  • kelgusi moliya yili uchun davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish to‘g‘risida Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga yoki hududiy jamoat fondlariga yuboriladigan buyurtmanomalar;
  • NNTlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar, tuzilgan hamkorlik bitimlari, memorandumlar hamda berilgan davlat ijtimoiy buyurtmalari haqidagi ma’lumotlar;
  • davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish jarayoni va natijalari, ajratilgan mablag‘larning sarflanishi haqidagi ma’lumotlar.

Ko‘p qavatli uylarni chiqindi to‘plash joylarisiz loyihalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi

Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

Yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning chiqindi to‘plash joylari ulardagi kvartiralar soniga mutanosib ravishda hamda atrofdagi mavjud chiqindi to‘plash shoxobchalari quvvati hisobga olingan holda loyihalashtiriladi.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi yangi qurilgan ko‘p kvartirali uylar chiqindi to‘plash joylari belgilanmasdan foydalanishga qabul qilinmasligini qat’iy nazoratga olsin va ta’minlab borsin.


Faxriy donorlarga beriladigan mukofot puli ko‘paytiriladi

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryo‘la beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mlndan 4,5 mln so‘mgacha) oshiriladi.

Shuningdek, ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

  • qulay bo‘lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta’tiliga chiqish;
  • shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
  • davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish.

Shuningdek, doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush o‘rtog‘ining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tug‘ilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta’minlanadi.

Donorlarni bepul ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha xarajatlarning qiymati respublika bo‘yicha bir xil — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3%i (27 ming 600 so‘m) miqdorida belgilanadi.

Immun donorlarga o‘tkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq to‘lash miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi.

Shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.


Toshkentda jamoat transportida moliyalashtirish tizimi joriy etiladi

Toshkentda jamoat transportining yangi tarmog‘i asosida tashkil etiladigan yo‘nalishlarda tashuvchilarni “bosib o‘tilgan yo‘l”, “yo‘lovchi oqimi” va “sifat” mezonlari bo‘yicha bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirishning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

qonundagi o‘zgarishlar