Yanvar oyida rossiyaliklar ko‘pincha reyslar uchun Moskva, Sochi, Sankt-Peterburg va Turkiyaga chiptalar qidirishgan. Bu haqda “OneTwoTrip” tadqiqotlariga tayanib “RBC” nashri xabar beradi.
Unga ko‘ra, foydalanuvchilarning 55%i chiptalarni Rossiya bo‘ylab qidirgan. So‘rovlarning 20,5%i Moskva, 12,4%i Sochi, 10,9%i Sankt-Peterburgga to‘g‘ri keldi.
Bundan tashqari, rossiyaliklar Mineralniye Vodi (3,9%), Kaliningrad (2,9%), Qozon (2,7%), Yekaterinburg va Maxachqal’a (mos ravishda 2,6%), Ufa (2,5%) va Novosibirskka (2,4%) reyslarga ham qiziqish bildirgan.
Xorijiy yo‘nalishlar orasida esa Istanbul shahri yetakchilik qilib, qidiruv so‘rovlarining 12,9%ni tashkil etdi.
Undan keyingi o‘rinda Armaniston poytaxti Yerevan (6,5%) va Tailandning Pxuket oroli (5,7%) turibdi.
Shuningdek, boshqa mashhur xorijiy yo‘nalishlar qatorida Antaliya, Dubay, Bangkok, Toshkent, Dushanbe, Boku hamda O‘sh shaharlari bor.
2022-yilda O‘zbekiston Rossiyadan havo qatnovi uchun eng mashhur uchta yo‘nalishdan biriga aylangandi. Bundan tashqari, o‘tgan yilning o‘n oyida Oʻzbekistonga 395 ming rossiyalik sayohat maqsadida kelgandi.