Ilon Maskning “SpaceX” kosmik raketa ishlab chiqaruvchisi $750 mln.lik yangi sarmoya yig‘di, deya xabar bermoqda “CNBC” nashri.

Bu esa kompaniyaning qiymatini $137 mlrdga oshirib, uni AQShdagi eng qimmat xususiy kompaniyalardan biriga aylantirdi.

“Bloomberg” agentligi 2022-yil dekabr oyida “SpaceX” xususiy investorlarga o‘z aksiyalarini har biri $77dan sotib olishni taklif qilgani haqida xabar bergandi. O‘sha paytda kompaniyaning bahosi $140 mlrd.ni tashkil qilgan.

Shuningdek, “Blomberg” dunyoning sobiq eng boy odami, amerikalik biznesmen Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib $200 mlrd.dan ko‘proq yo‘qotdi, deb yozgandi.

Maskning boyligi “Tesla” kompaniyasining aksiyalari tushishi tufayli kamaydi. 2022-yil dekabr oyining so‘nggi haftalarida Maskning boyligi $137 mlrd.gacha kamaydi.

Shu bilan birga, “Tesla” kompaniyasining aksiyalari narxi 18%ga tushib ketib, bir hafta ichida $85 mlrd bozor qiymatini yo‘qotgandi.

Xuddi shu sababli, “Forbes” talqini bo‘yicha eng boy odamlar reytingida birinchilikni boy berdi. Uning o‘rnini “Louis Vuitton Moet Hennessy” prezidenti Bernard Arno egalladi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Ilon Mask “SpaceX” kompaniyasining “Starlink” sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘i endi yerning barcha qit’alarida mavjudligi haqida ma’lum qilgandi.


Avvalroq “Spot” “Apple"ning bozor qiymati $2 trlndan oshgani, bu fond bozori tarixidagi Amerika kompaniyasi kapitallashuvining eng sezilarli o‘sishi bo‘lgani haqida yozgandi.