Davlat soliq qo‘mitasi Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarida test rejimida “Tax Free” xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Tizim xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi.
“Keshbek” to‘lanadigan tovarlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2022-yilning noyabr oyidagi qarorida belgilangandi. Unda suvenirlar, yong‘oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo‘ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari kabilar nazarda tutilgan.
QQS to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo‘nab ketayotganda, yo‘lovchi reysga ro‘yxatdan o‘tishi, so‘ngra “Tax Free” xizmatiga borib bortga chiqish taloni va tovarning o‘zini ko‘rsatishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan tovarlarni qo‘l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro‘yxatdan o‘tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
“Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 mln so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo‘lishi kerak.
Soliq qo‘mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so‘ng, “keshbek"ni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchi QQS summasining 90%igacha “keshbek” qaytarishi mumkin.
Keshbek yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin to‘lab beriladi.
Tizimni joriy etish 2019-yilga borib taqaladi. Xususan, davlat rahbari qarori bilan belgilangan soliq o‘zgarishlarida bu haqda ta’kidlangan.