“O‘zagroeksportbank” ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi “Support Level” xorijiy kompaniyasi tomonidan $5 mln sotib olindi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Xususan, kompaniya tomonidan “O‘zagroeksportbank"ning aksiyalar paketini sotib olish to‘lovini bir yo‘la to‘lab berish, bankning ustav kapitalini 29 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan qiymatga oshirish hamda bankning infratuzilma, texnologiya va mahsulotlarini rivojlantirishga kamida $50 mln investitsiya kiritish sharti bilan sotib olish taklifi bildirilgan.

Ta’kidlanishicha, “O‘zagroeksportbank” ustav kapitalidagi 100% davlat aksiya paketlarini xususiylashtirishga avval jalb etilgan “Grant Thornton” konsalting kompaniyasi tomonidan bankning 2019-yil dekabr oyidan buyon “kredit operatsiyalari” to‘xtatilganligi sababli kredit portfeli 2022-yil 1-dekabr holatiga 6,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bunda muammoli kreditlar ulushi o‘ta yuqoriligi, bankning umumiy zarari 31 mlrd so‘mni tashkil etganligi natijasida jami sof aktivlari qiymati 50 mlrd so‘mligi qayd etilgan.

Shuningdek, bank nazoratiga oid iqtisodiy normativlar bajarilmaganligi, aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarli miqdorda zaxiralar shakllantirilmaganligi, kredit hujjatlarini rasmiylashtirishda belgilangan tartiblarga to‘liq amal qilinmaganligi hamda tijorat banklari ustav kapitali miqdoriga qo‘yilgan talablar bajarilmaganligi (ustav kapitali 29 mlrd so‘mga kam shakllantirilgan) yuzasidan ogohlantirilgan.

Shunga ko‘ra, “Grant Thornton” xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan bankning faoliyatini saqlab qolish bo‘yicha “Support Level” korxonasi tomonidan bildirilgan taklifi narx va boshqa shartlar bo‘yicha oldingi taklifdan yaxshiligini hisobga olib, qabul qilish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, bankning yangi egasi tomonidan uning infratuzilma, texnologiya va mahsulotlarini rivojlantirishga kamida $50 mln investitsiya kiritish sharti belgilangan.

Mazkur bankning davlat ulushini sotish haqida 2021-yilning may ma’lum qilingandi. Xarid qilish uchun ariza beruvchilarni saralashning birinchi bosqichi iyul oyida yakunlandi. Noyabr oyiga borib, “Sovkombank” mazkur bank aksiyalarining 100%ini sotib olish boʻyicha bitim tuzish rejalari haqida xabarlar tarqalgandi.

2022-yilning fevral oyida “Sovkombank” “O‘zagroeksportbank"ni $4 mln.ga sotib olish bo‘yicha kelishuv amalga oshirdi. Biroq, Rossiyaning ettita kredit muassasasi, shu jumladan “Sovkombank” ham sanksiyalar ostida qolishi natijasida, iyun oyida bank rahbari o‘rinbosari Sergey Xotimskiy O‘zbekiston banki xaridi bekor qilinganini ma’lum qildi.


2022-yilning mart oyida prezident iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. Moliya vazirligiga bank sohasida davlat ulushini qisqartirishni davom ettirish bo‘yicha topshiriq berilgan.

O‘tgan yilning oxirigacha “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgandi.

2023-yilning 1-iyuliga qadar esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirish kerak.

YeTTB banklarni xususiylashtirish jarayonini biroz surishni maslahat berdi. YeTTB vitse-prezidenti Yurgen Rigterink bu jarayon katta ijtimoiy mas’uliyat bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish ko‘pincha xodimlarni qisqartirishni anglatadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa 2027-yilgacha O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolishi va qolganlari xususiylashtirilishini ta’kidladi.

Avvalroq, Vengriyaning “OTP Bank"i “Ipoteka bank"ni sotib olgandi.