Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Hamkor gaz servis"ga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, mazkur AGTKSh belgilangan o‘chirish grafigiga rioya etmagan holda faoliyat ko‘rsatayotganligi hamda shoxobchaning gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi, ya’ni shoxobcha faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da uskuna ishlamayotganligi (ko‘rsatkichlari “0” holatda ekanligi) aniqlangan edi.

O‘tkazilgan ekspertiza natijasiga ko‘ra, shoxobchaning gaz hisoblash uskunasiga ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish maqsadida tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Unga ko‘ra, shoxobcha 2022-yilning avgust oyidan 2023-yilning 3-yanvar kuniga qadar 10 mlrd 791 mln so‘mlik jami 11 mln metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur shoxobcha va “O‘ztransgaz” hududiy boshqarmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Avvalroq “Spot” 299 ta AYoQSHga narxlarni asossiz oshirgani hamda mahsulot sifatini buzgani uchun avtobenzin yetkazib berish to‘xtatilgani haqida yozgandi.