“Olmaliq KMK” 50−60 MVt quvvatga ega Olmaliq quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasiga investorlar uchun tanlovning dastlabki bosqichini e’lon qildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha atmosferaga chiqadigan chiqindilarni kamaytirish va “yashil sertifikat” olish maqsadida “Olmaliq KMK” korxonalarida mis va rux ishlab chiqarishni ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi Olmaliqda kamida 25 yil davomida o‘zgaruvchan tokdagi quvvati 60 MVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, xizmat ko‘rsatish bilan birga foydalanishga topshiradi.

“Olmaliq KMK” kelishilgan tarif bo‘yicha kamida 25 yil davomida quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining kafolatlangan xaridori vazifasini bajaradi.

Bunda “Olmaliq KMK” tomonidan Olmaliqdagi sanoat zonasi yaqinida joylashgan 300 gektargacha bo‘lgan o‘z hududini pullik ijaraga beradi.

Loyiha doirasida investor-developer elektr uzatish liniyasini “Olmaliq KMK"ning nimstansiyasiga yaqin joyida qurishi kerak.

Tenderning dastlabki bosqichida ishtirok etish uchun quyidagilar zarur:

  • tanlovda ishtirok etish uchun qiziqish bildirilgan rasmiy xat taqdim etiladi;
  • xatga ilova sifatida kompaniya haqida qisqa ma’lumot va amalga oshirilgan muqobil loyihalarning referens-varag‘i taqdim etiladi;
  • qurilish uchun taklif etilayotgan maydonga tashrif buyurish;
  • elektr energiyasini sotish uchun dastlabki tarifni taqdim etiladi (rasmiy tanlov uchun maksimal tarifni aniqlash maqsadida).

Barcha manfaatdor ishtirokchilar rejalashtirilgan qurilish maydonchasiga tashrif buyurishlari kerak, shuningdek, kerakli barcha ma’lumotlarni so‘rashlari mumkin.

Keyingi bosqichda investitsiya takliflarini tayyorlash bo‘yicha tanlov hujjatlarini taqdim etgan holda rasmiy ochiq xalqaro tanlov e’lon qilinadi.

Shunga ko‘ra, ushbu bosqichda tarif ishtirokchi tomonidan aniqlanishi va yakuniy sifatida taqdim etilishi kerak.


Avvalroq, O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlangandi. Unga ko‘ra, Buxoroda BAAning “Masdar” kompaniyasi, Namanganda Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi, Xorazmda esa Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi stansiya quradi.

Biroq, Energetika vazirligiga ko‘ra, Namangandagi quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqiladi. Viloyatdagi loyiha uchun Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi tomonidan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.