“Forbes” nashri 2022-yilda boyligi jami $378 mlrd.ga kamaygan besh milliarder nomini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Ilon Mask, Jeff Bezos, Mark Sukerberg, Larri Peyj va Sergey Brin 2022-yilda eng ko‘p pul yo‘qotgan milliarderlar beshligiga kirdi.

Reytingda Ilon Mask yetakchilik qildi, o‘tgan yili u rekord darajadagi $125 mlrd yo‘qotgan.

“Tesla” aksiyalari 65%ga tushib ketdi, bu Maskning “Twitter"ni sotib olgani haqidagi e’lonidan so‘ng eng katta qulash bo‘ldi.

2022-yil oxiriga kelib Maskning boyligi $147 mlrd.ga baholangan bo‘lsa, 3-yanvarda u $137 mlrd.gacha kamaydi. Hozir esa $140,5 mlrd.ni tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinni esa “Amazon” asoschisi Jeff Bezos egalladi. O‘tgan yil davomida u $85 mlrd yo‘qotdi, chunki IT-korporatsiyasining aksiyalari 50%ga tushib ketdi.

Keyingi o‘rinda Mark Sukerberg $77 mlrd yo‘qotish bilan turibdi. “Meta” aksiyalari qiymati yil davomida 64%ga pasaygan.

“Google” asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin reytingda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni egalladi.

Peyjning boyligi $46 mlrd.ga, Brinniki esa 45 mlrd.ga kamaygan. Ular egalik qiluvchi kompaniya aksiyalari 2021-yil oxiridan beri 39%ga tushdi.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask bir kun ichida $4,5 mlrd yo‘qotib, “Forbes” talqini bo‘yicha eng boy odamlar reytingida birinchilikni boy bergani haqida yozgandi. Uning o‘rnini “Louis Vuitton Moet Hennessy” prezidenti Bernard Arno egalladi.