2022-yilda rossiyaliklar chet elda ko‘chmas mulk sotib olish uchun Turkiya, BAA va Kiprni tanlashdi, deya xabar bermoqda “RBC” nashri “NF Group” ma’lumotlariga tayanib.

MDH davlatlari orasida esa ular O‘zbekiston, Qozog‘iston va Armanistondan ko‘chmas mulk sotib olishgan.

Bu mamlakatlar transport qulayligi, nisbatan past uy-joy narxlari va ko’chmas mulk sotib olish bo’yicha cheklovlar yo’qligi, shuningdek, yashash uchun ruxsat olish imkoniyati bilan xaridorlarni jalb qilgan.

“Nika Estate” hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilning sentabr oyida rossiyaliklar tomonidan O‘zbekistonda uy-joy sotib olish bo‘yicha murojaatlar soni avgust oyiga nisbatan qariyb ikki baravarga oshgan.

Mazkur kompaniya bosh direktori Viktor Sadigov rossiyalik xaridorlarning O‘zbekistondagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan qiziqishini rivojlanayotgan uy-joy bozori va butun mamlakat iqtisodiyoti bilan izohladi.

“Bundan tashqari, yangi binolar uchun yuqori ijara stavkalari mavjud (yangi uy-joylar yetishmaydi) va ijaraning o‘zi dollarda to‘lanadi. Bu sizga yiliga 12−15% gacha yuqori daromad olish imkonini beradi”, deya qo‘shimcha qildi u.


Avvalroq “Spot” Rossiyalik tadbirkorlarning MDH davlatlari, asosan O‘zbekiston va Qozog‘istondagi omborlarga talabi ortayotgani haqida yozgandi.