Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Statistika” integrallashgan axborot tizimi (SIAT) yaratildi hamda uning negizida O‘zbekiston statistika portali ishga tushirildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Portal rasmiy statistika ma’lumotlar yagona bazasini shakllantiradi hamda ma’lum bir davr bo‘yicha ma’lumotlarni elektron formatlarda olish imkoniyatini yaratadi.
Natijada statistikani e’lon qilish va ularni foydalanuvchilar tomonidan qidirib topish vaqti 5−10 barobarga, alohida so‘rovlar asosidagi integratsiya qilish vaqti esa 10 kundan 1 kungacha qisqartirilgani qayd etilgan.
Tizimda 19 ta yo‘nalishda jami 1 700 dan ortiq rasmiy statistik ko‘rsatkichlar, 30 yillik makroko‘rsatkichlar 5 yillik kesimda joylashtirilgan.
Foydalanuvchilar 3 xil (Excel, PDF va JPG) formatda yuklab olishlari mumkin. Ma’lumotlar mustaqil ravishda integratsiya qilish uchun 3 xil (CSV, JSON va XML) formatda joylashtirilgan va doimiy ravishda yangilab boriladi.
Portaldan o‘zbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin. SIAT axborot tizimi quydagi bir qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi:
- ma’lumotlar bazasini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish;
- raqamli statistik ma’lumotlar manbalarini yagona ma’lumotlar omboriga to‘plash;
- integratsiya platformasi (REST-API) asosida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
- ma’lumotlarni vizual tasvirlash (jadval, grafik, diagramma, kartogramma) modulini joriy etish;
- statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilar uchun yagona veb-interfeys joriy etish.
Unda ma’lumotlarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar ko‘rinishida solishtirish, shuningdek, reyting shakllantirish va ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi munosabatlarni belgilash modullari joriy etilgan.
Metama’lumotlarning tizimga joylashtirilganligi foydalanuvchilarga ko‘rsatkich birinchi bor e’lon qilingan, yangilangan sana, uning birlamchi manbasi, hisoblagan organ va uslubiyoti, mas’ul bo‘linma va xodim to‘g‘risida hamda shu kabi boshqa ma’lumotlarni olish imkonini beradi.
Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi muloqot portalini ishga tushirgandi.